Хalqaro hamkorlik

O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada maktabgacha va maktab ta’limida sog‘lom ovqatlantirish tizimini o‘rganmoqda

Ayni paytda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiya davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ushbu delegatsiya tarkibida Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bolalar,o’smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedra mudiri tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Jumaqulovich Ermatov ishtirok etmoqda Xizmat safari doirasida Yaponiyada maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimi o‘rganilmoqda.


Tashrif davomida Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi (MEXT), Sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi (MHLW), Iste’molchilar ishlari agentligi (CAA), shuningdek, Maktab tushligini yaxshilash bo‘yicha assotsiatsiya (JAISL) mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda maktablarda ovqatlanishni tashkil etishning huquqiy asoslari, sanitariya-gigiyena talablari, mahsulotlar sifati nazorati hamda ta’lim jarayonida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.


Shuningdek, Yaponiya Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilik vazirligi (MAFF), Yaponiya veterinariya tibbiyoti assotsiatsiyasi (JVMA) hamda qator maktabgacha va maktab ta’limi muassasalariga tashriflar rejalashtirilgan.
Amaliy tashriflar davomida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish zanjiri, laboratoriya nazorati hamda maktab oshxonalarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi jarayonlari bilan yaqindan tanishish ko‘zda tutilgan.


Mazkur o‘rganishlar natijasida Yaponiyaning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

 


 

 

DARSLIK VA O‘QUV QO‘LLANMALAR

 

 

MONOGRAFIYALAR

 

 

USLUBIY TAVSIYANOMALAR