Eshkuvatov Komil Ruziboyevich

Assistent, Eshkuvatov Komil Ruziboyevich

Komil Eshkuvatov Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi assistenti, “Hayot faoliyati xavfsizligi. Fuqaro muhofazasi” fanining o‘qituvchisi, iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi (harbiy xizmatining umumiy davomiyligi – 40 yil).

Komil Eshkuvatov 1993 yildan boshlab turli lavozimlarda xizmat olib borgan, shu jumladan, harbiy qismlar tibbiyot punkti boshlig‘i, tibbiyot xizmati boshlig‘i, Markaziy harbiy klinik gospital (MHKG) bo‘limi boshlig‘i, MHKG boshlig‘ining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (O‘R MV) Tibbiy ta’minot boshqarmasi (TTB) katta ofitseri, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va boshlig‘i. Shuningdek, oliy tibbiy ta’lim muassasalarida sikl boshlig‘i, kafedra boshlig‘i o‘rinbosari, kafedra boshlig‘i, fakultet boshlig‘i hamda o‘quv-ilmiy bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1999–2009 yillarda – O‘R MV Markaziy apparati tibbiyot punkti boshlig‘i, O‘R MV TTB katta ofitseri va bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, 2009–2011 yillarda – MHKG boshlig‘ining o‘rinbosari, 2011–2013 yillarda – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti harbiy kafedrasi boshlig‘i, 2013–2015 yillarda – Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetining o‘quv-ilmiy bo‘lim boshlig‘i, 2015–2016 yillarda – Qarshi serjantlar tayyorlash maktabining tibbiy tayyorgarlik sikli boshlig‘i, 2016–2019 yillarda – Samarqand davlat tibbiyot instituti (hozirgi universitet) harbiy kafedrasi boshlig‘i, 2019–2023 yillarda – O‘R MV TTB davolash-profilaktika bo‘limi boshlig‘i, 2023–2024 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari (O‘R QK) Harbiy tibbiyot akademiyasi (HTA) harbiy vrachlar tayyorlash fakulteti boshlig‘i, 2024 yil 28 dekabrdan – iste’foda, 2025 yilda – O‘R QK HTA tibbiy xizmat tuzilishi va taktikasi kafedrasining katta o‘qituvchisi, 2025 yil oktabr oyidan – Toshkent davlat tibbiyot universitetining Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi assistenti.

2019–2024 yillarda Mudofaa vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatida faol ishtirok etgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalariga tibbiyotga oid normalar (aholi sog‘lig‘ini saqlash va qo‘shinlarning tibbiy ta’minoti) bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va xulosalar tayyorlagan.

Komil Eshkuvatov 2004-yilda bo‘lib o‘tgan qo‘shma O‘zbekiston–Buyuk Britaniya harbiy o‘quv mashg‘ulotlarida, Buyuk Britaniyada (2003), Germaniyada (2008) va Hindistonda (2020) o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etgan. 2019 yilda 10 dan ortiq xorijiy davlatlar ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro harbiy-tibbiy musobaqalarda hakam bo‘lgan. Buyuk Britaniyada 2003 yil sentyabr–dekabr oylarida malaka oshirgan.

40 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop ishlari muallifi bo‘lib, jumladan 20 ta ilmiy maqola, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta dasturiy mahsulot hamda 15 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalari chop etilgan.

Uning rahbarligida Harbiy tibbiyot akademiyasi kursantlari xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan (2023 yilda – 24 ta, 2024 yilda – 26 ta sovrinli o‘rin).

O‘zbekiston Respublikasi davlat va idoraviy mukofotlari bilan, jumladan II darajali “Salomatlik” ordeni bilan (2022-yil) taqdirlangan. “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” (2020-yil).