
Tibbiyot fanlari doktori (DSc), Dotsent Mamatova Nodira Muxtorovna
Mamatova Nodira Muxtorovna 1986 yilda O’rta Osiyo Pediatriya tibbiyot institutiga o’qishga kirib, 1992 yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. Ushbu yildan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining farmakologiya kafedrasida katta lobarant, so’ng assistent bo’lib ishlagan. 1997-2001yy.da farmakologiya kafedrasida kunduzgi aspiranturani tugatgan. 2002 yil 11 sentyabrda 14.00.25 — farmakologiya ixtisosligi bo’yicha «Fitat kobalt va silibor moddalarining eksperimental gepatitda turli yoshdagi xayvonlarning jigar faoliyatiga ta’siri» mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan. N.M.Mamatova 1997-2004yy.dagi ilmiy-pedagogik faoliyati bilan birga ToshPTIning «Ma’naviyat va ma’rifat» bo’limiga rahbarlik qilgan.
U 2004-20118yy. davomida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti (ToshVMOI) Ma’naviyat va ma’rifat bo’limi rahbari, «salomat bo’ling» ilmiy-ommabop jurnali bosh muharriri lavozimida o’zining pedagoglik faoliyatini birga samarali olib borgan. U 2004-2011yy. Toshvmoining «Sog’liqni saqlashni tashkillashtirish, moliyalashtirish va boshqarish» kafedrasi va 2011 — 2018yy.da Valeologiya kafedrasining dosenti lavozimida faoliyat yuritgan. N.M.Mamatova 2006-2009yy.da «Salomatlik-2» loyihasi doirasida, institut bazasida «tamaki mahsulotlarini iste’mol kilishga qarshi kurash» bo’yicha 2 ta yirik xalqaro loyihaga koordinatorlik qilgan va muvaffaqiyatli nihoyasiga etkazgan. Olib borilgan tadqiqot natijalari bo’yicha u «tamaki yoki salomatlik» mavzusidagi ilmiy ma’ruzalar bilan AQSh, Belgiya, Tayvan, Daniya, Italiya, Xindiston davlatlarida o’tkazilgan xalqaro anjumanlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. U 2012 yilda O’zbekiston Respublikasi SSV a’lochisi ko’krak nishoni bilan taqdirlangan.
U 2017 yilda 14.00.33 – jamiyat salomatligi. Sog’liqni saqlashda menejment ixtisosligi bo’yicha «tamaki va nos iste’mol qilishning tibbiy-ijtimoiy va iktisodiy jixatlari» mavzusidagi doktorlik dissertasiya ishini muvaffiqiyatli yakunlab tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga (DSc) ega bo’lgan. Tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan va 2008 yil 27-noyabrda tasdiqlangan №0259-08 tamaki mahsulotlariga qo’yiladigan gigienik talablar» sanitar-me’yoriy qoidalar O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi saytida e’lon qilingan (www.med.uz). Tamaki chekishning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari bo’yicha olingan materiallardan «alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O’zR SSV ning 2014 yil 2 oktyabrlagi 8N-305-son ma’lumotnomasi).
N.M.Mamatova mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida faol shaxs sifatida o’zini namoyon etib keladi. 2005 yildan hozirgi kunga qadar N.M.Mamatova, O’zbekiston Liberal demokratik partiyasining Toshkent shahar, Mirzo Ulug’bek tumani Kengashi xotin-qizlar masalalari bo’yicha rais o’rinbosari sifatida jamoatchilik asosida faoliyat yuritib keladi. Ushbu partiyaning faol a’zosi sifatida 2019 yilda Toshkent shahar Mirobod tumani 41-temir yo’lchilar saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga N.M.Mamatovaning nomzodi ko’rsatilgan. N.M. Mamatova 2013-2017yy. davomida «O’zbekiston-Frantsiya» do’stlik jamiyatining ijrochi direktori vazifasida faoliyatni jamoatchilik asosida muvaffaqiyatli boshqargan. «O’zbekiston-Frantsiya» do’stlik jamiyatining O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqarish institutlarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan uyushtirilgan grant tanlovida g’oliblikni qo’lga kiritgan va 2014-2015 yillar davomida ushbu grant loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. N.M. Mamatova jamiyat xayotida ro’y berayotgan siyosiy–ijtimoiy o’zgarishlarda faol ishtirok etib keladi, «yashil makon» dorasida Open byudjet loyihalarida tashabbusskor bo’lgan va faol tashkilotchilik qilgan. U o’zi tug’ilib o’sgan Xatirchi tumani Zarafshon MFY ko’chalarini 80 foiz asfalt bo’lishiga va 400 tupdan ortiq tut, chinor, gujum va archa kabi daraxtlarni ekishga o’z xissasini qo’shgan.
2018-2020yy.da Toshkent davlat stomatologiya institutida farmakologiya va mikrobiologiya kafedrasi mudiri hamda TDSI «yuz-jag’jarrohligi ilmiy-amaliy markazida direktor lavozimida, «2020-2023 Toshkent pediatriya tibbiyot instituti UASH — 2 va klinik farmakologiya kafedrasida dosent lavozimida faoliyat yuritgan. U faoliyati davomida qator mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarning tashabbusskori va tashkilotchisi bo’lgan. OAK ro’yxatiga kiruvchi «biomedisina» ilmiy — amaliy jurnalning mas’ul kotibi sifatida faoliyat olib borgan. Hozirgi kunda OAK ro’yxatiga kiruvchi ikkita jurnal «tibbiy profilaktika va salomatlik» va Rintsda tan olingan «tibbiyot va innovasiyalar» ilmiy — amaliy jurnallarining tahririyat a’zosi hisoblanadi. 2023-2026yy. davomida O’zR SSV etakchi so’ngra bosh mutaxassis lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2026 yil yanvar oyidan boshlab TDTUning bolalar, o’smirlar va ovqatlanish gigienasi kafedrasi dosenti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ilmiy tadqiqotlari yuzasidan 5 ta o’quv-uslubiy qo’llanma 1 ta monografiya nashrdan chiqqan va 200 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari mahalliy va xorijiy jurnallarda chop etilgan. N.M.Mamatova oilali, ikki farzandning onasi ikki nabiraning buvisi.N.M.Mamatova faoliyati davomida tashabbusskor, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan serqirra ijodiy fazilatlarga ega bo’lgan yorqin shaxs, shu bilan birga mas’uliyatli va kamtarin, aniq maqsad sari intiladigan, o’z ustida ishlaydigan, jamoat ishlarida va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan jonkuyar xodim sifatida tanilgan.
